Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida 13-modda. Ichki ishlar organlarining tizimi

Ichki ishlar organlarining tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, tumanlar va shaharlar ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari), transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmalari (boʻlimlari), jazoni ijro etish muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamenti va uning boʻlinmalari, ichki ishlar organlarining oʻta muhim va toifalangan obyektlardagi boʻlinmalari, shaharcha ichki ishlar boʻlinmalari, mahalla huquq-tartibot maskanlari hamda ichki ishlar organlarining tayanch punktlari, shuningdek taʼlim va tibbiyot muassasalari, ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa boʻlinmalar va tashkilotlardan iboratdir. Ichki ishlar organlari tizimiga oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda huquqlar va imtiyozlardan foydalanadigan qorovul qoʻshinlari ham kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻz maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, qonunchilikka muvofiq ayrim masalalar boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axborotni yiliga ikki marta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etadi. Ichki ishlar organlarining tashkiliy-shtat tuzilishi va shtat sonining eng yuqori chegarasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.