Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimiga tasdiqlanadi va lavozimidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ozod etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Tumanlar va shaharlar ichki ishlar boshqarmalarining (boʻlimlarining) boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlarining, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Ushbu moddaning birinchi — beshinchi qismlarida koʻrsatilmagan ichki ishlar organlari xodimlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi qonunchilikda belgilanadi.