Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida 32-modda. Ichki ishlar organi xodimini xizmatdan boʻshatish

Ichki ishlar organi xodimini xizmatdan boʻshatishga quyidagilar asos boʻladi: oʻzining xohishi (pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini oʻtamaganlarga) — xodimning bildirgisi asosida; ichki ishlar organlarida xizmatda boʻlishning ushbu Qonunda belgilangan chegaradagi yoshiga toʻlganligi; pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini oʻtaganligi — xodimning bildirgisi asosida; tashkiliy-shtat oʻzgarishlari; kasalligi — harbiy-tibbiy komissiyaning xizmatga yaroqsizligi toʻgʻrisidagi xulosasi asosida; sogʻligʻining cheklanganligi holati — harbiy-tibbiy komissiyaning ichki ishlar organlaridagi xizmatga yaroqliligi cheklanganligi toʻgʻrisidagi va xizmat boʻyicha boshqa lavozimga oʻtkazish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, egallab turgan lavozimiga muvofiq xizmat majburiyatlarini bajara olmasligi haqidagi xulosasi asosida; dastlabki sinov muddati davomida xizmatga yaroqsizligi; malakasi yetarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga noloyiqligi — attestatsiya natijalari asosida; xizmat intizomini qoʻpol ravishda buzganligi; ichki ishlar organi xodimining shaʼniga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi; sodir etgan jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganligi; xodimda intizomiy jazo chorasi mavjud boʻlgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi; boshqa turdagi davlat xizmatiga oʻtganligi (kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritilmagan holda); Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilganligi yoki chet davlat fuqaroligini olganligi. Ichki ishlar organi xodimi ushbu Qonunda va boshqa qonunchilik hujjatlarida ichki ishlar organlari xodimlari uchun belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya etmaganligi uchun xizmatdan boʻshatilishi mumkin.