Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga, qaroriga, farmoyishiga, shuningdek roziligiga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga tayinlangan, xuddi shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan boshqa davlat organlarining taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborilgan ichki ishlar organi xodimi majburiyatlarni bajarish (oʻqish) davrida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi kadrlarining amaldagi zaxirasiga kiritib qoʻyilishi mumkin. Majburiyatlarni bajarish (oʻqish) tugatilganidan keyin ichki ishlar organi xodimiga ilgarigi ishi (lavozimi), ushbu ish (lavozim) yoʻqligida esa unga teng boshqa ish (lavozim) beriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan ichki ishlar organlari xodimlariga maxsus unvonlar oxirgi egallagan lavozimidan qatʼi nazar, belgilangan tartibda beriladi. Majburiyatlarni bajarish (oʻqish) davri ichki ishlar organi xodimiga navbatdagi maxsus unvonni olish huquqini beradigan xizmat qilgan yillariga ustama toʻlash, pul taʼminoti (lavozim maoshi va maxsus unvon boʻyicha maoshi summasidan iborat boʻlgan) maoshini belgilash va pensiya tayinlash uchun ichki ishlar organlaridagi xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xodimlar xizmatdan boʻshatilganda, shuningdek ularning oila aʼzolari ichki ishlar organlaridan boʻshatilgan xodimlar bilan teng huquqlar, imtiyozlar va afzalliklardan foydalanadi.