Ichki ishlar organi xodimi gʻayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi, shuningdek xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunga muvofiq javobgar boʻladi. Ichki ishlar organi xodimining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni ichki ishlar organlari tomonidan budjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi. Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat intizomini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Ichki ishlar organlarining intizom ustaviga muvofiq javobgar boʻladi. Qaysi jismoniy yoki yuridik shaxs oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga ichki ishlar organi xodimining harakatlari yoki harakatsizligi sabab boʻldi deb hisoblasa, oʻsha jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu harakatlar yoki harakatsizlik ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, prokurorga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.