Ipoteka toʻgʻrisida 22-modda. Ipoteka narsasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni asrash

Ipotekaga qoʻyuvchi ipoteka narsasiga egalik qilishga va undan belgilangan maqsadga muvofiq foydalanishga haqli. Ipotekaga qoʻyuvchi ipoteka narsasidan mahsulot, hosil va daromad olishga haqli. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ipotekaga oluvchi ana shu mahsulot, hosil va daromadga boʻlgan huquqlarga ega boʻlmaydi. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ipotekaga qoʻyuvchi ipoteka narsasini lozim darajada asrash uchun, shu jumladan uni oʻz vaqtida joriy taʼmirlashni oʻtkazish, undan oqilona foydalanish hamda uni boshqa shaxslarning qonunga xilof tajovuzlari va talablaridan himoya qilish uchun oʻz hisobidan barcha zarur choralarni koʻrishi shart. Ipotekaga qoʻyuvchi ipoteka narsasining yoʻq boʻlib ketishi, shikastlanishi, buzilishi yoki holati yomonlashuviga olib keluvchi har qanday xavf-xatar, shuningdek ipotekaga oluvchining ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha huquqlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan har qanday holat toʻgʻrisida ipotekaga oluvchini oʻz vaqtida yozma shaklda xabardor etishi kerak. Ipotekaga oluvchi ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma amal qiladigan muddat davomida ipoteka narsasining mavjudligini, holatini, uni asrash va undan foydalanish sharoitlarini tekshirish huquqiga ega. Ipotekaga oluvchi tomonidan bunday tekshiruv oʻtkazilishi ipoteka narsasidan belgilangan maqsadga muvofiq foydalanishni toʻxtatib qoʻymasligi yoki ipotekaga qoʻyuvchining yoxud ipoteka narsasi vaqtincha foydalanishida turgan boshqa shaxsning huquqlarini oʻzgacha tarzda buzmasligi kerak.