Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulk tasarrufdan chiqarilishi natijasida yoki universal huquqiy vorislik tartibida, shu jumladan yuridik shaxs qayta tashkil etilishi natijasida bu mol-mulkni olgan shaxs ipotekaga qoʻyuvchining oʻrnini egallaydi va uning ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha barcha majburiyatlarini, shu jumladan dastlabki ipotekaga qoʻyuvchi tomonidan lozim darajada bajarilmagan majburiyatlarni ham oʻz zimmasiga oladi. Yangi ipotekaga qoʻyuvchi faqat ipotekaga oluvchi bilan kelishuvga koʻra, ushbu majburiyatlarning biron-biridan ozod qilinishi mumkin. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulk ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan asoslarga koʻra bir necha shaxsga oʻtgan boʻlsa, dastlabki ipotekaga qoʻyuvchi huquqiy vorislarining har biri ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmaganlikning ipoteka munosabatlaridan kelib chiqadigan oqibatlarini garovga qoʻyilgan mol-mulkning oʻziga oʻtgan qismiga mutanosib ravishda oʻz zimmasiga oladi. Agar ipoteka narsasi boʻlinmas boʻlsa yoki boshqa asoslarga koʻra ipotekaga qoʻyuvchi huquqiy vorislarining umumiy mulki boʻlib qolsa, huquqiy vorislar solidar ipotekaga qoʻyuvchilarga aylanadilar. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha mol-mulk garovi, bu mol-mulk boshqa shaxslarga oʻtkazilayotganida bunday oʻtkazish uchun belgilangan biron-bir qoida buzilgan-buzilmaganligidan qatʼi nazar, oʻz kuchini saqlab qoladi.