Ipoteka ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma asosida (shartnoma asosidagi ipoteka) yoki qonun asosida (qonun asosidagi ipoteka) vujudga keladi. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha bir taraf — ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha kreditor boʻlgan garovga oluvchi (bundan buyon matnda ipotekaga oluvchi deb yuritiladi) shu majburiyat boʻyicha oʻzining qarzdorga nisbatan pul talablari boshqa tarafning — garovga qoʻyuvchining (bundan buyon matnda ipotekaga qoʻyuvchi deb yuritiladi) garovga qoʻyilgan koʻchmas mulki qiymatidan ipotekaga qoʻyuvchining boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli qanoatlantirilish huquqiga ega boʻladi, ushbu Qonunda belgilangan hollar bundan mustasno. Qonun asosidagi ipotekaga nisbatan unda koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelganda, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma asosida vujudga keladigan ipoteka haqidagi qoidalar qoʻllaniladi. Ipoteka asosiy majburiyatdan hosila xususiyatiga ega va u asosiy majburiyat tugaguniga qadar haqiqiy boʻladi. Ipoteka boʻyicha munosabatlarga nisbatan, agar ushbu Qonunda boshqa qoidalar belgilanmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida va “Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunidagi garov haqidagi umumiy qoidalar qoʻllaniladi.