Agar shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, bank yoxud boshqa kredit tashkilotining kredit mablagʻlaridan yoki yuridik shaxsning uy yoki kvartira olish yoxud qurish uchun berilgan aniq maqsadli qarz mablagʻlaridan foydalangan holda olinayotgan yoki qurilayotgan uy yoki kvartira qarz oluvchining uy yoki kvartiraga boʻlgan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ipotekaga qoʻyilgan deb hisoblanadi. Uy yoki kvartira olish yoxud qurish uchun kredit yoki aniq maqsadli qarz bergan bank yoxud boshqa kredit tashkiloti yoki yuridik shaxs mazkur ipoteka boʻyicha ipotekaga oluvchidir. Ushbu moddaning birinchi qismi asosida vujudga keladigan uy yoki kvartira ipotekasiga nisbatan tegishincha ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma asosida vujudga keladigan koʻchmas mulk ipotekasi haqidagi qoidalar qoʻllaniladi. Vasiylik va homiylik organlari, agar voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlari yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlari buzilayotganligini eʼtirof etish uchun vasiylik va homiylik organlarida asoslar boʻlmasa, voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslar yashayotgan turar joy mulkdorining oila aʼzolari boʻlgan bunday shaxslarning qonuniy vakillariga bu turar joyni tasarrufdan chiqarishga va (yoki) ipotekaga qoʻyishga rozilik berishga haqli. Vasiylik va homiylik organlarining ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar yashayotgan turar joyni ipotekaga qoʻyish uchun rozilik berish toʻgʻrisidagi qarori yoki bunday rozilik berishni rad etish toʻgʻrisidagi asoslantirilgan qarori rozilik berish soʻralgan ariza topshirilgan sanadan keyin kechi bilan oʻn besh kun ichida yozma shaklda qabul qilinishi hamda ariza beruvchiga berilishi kerak. Vasiylik va homiylik organlarining qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.