Ekspertlar, mutaxassislar, guvohlar va tarjimonlarga sudga kelish bilan bogʻliq boʻlgan yoʻlkira, xona ijarasi boʻyicha xarajatlarning oʻrni qoplanadi va kundalik xarajatlar uchun haq toʻlanadi. Ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar sudning topshirigʻi boʻyicha bajargan ish ularning xizmat vazifalari doirasiga kirmasa, ular bu ish uchun haq oladi. Guvohlar, tarjimonlar, mutaxassislar va ekspertlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summa tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilgan ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan sudning depozit hisobvaragʻiga oldindan oʻtkaziladi. Agar iltimosnoma ikkala tarafga tegishli boʻlsa, talab qilinadigan summani ular teng boʻlib oʻtkazadi. Agar ekspertiza sudning tashabbusi bilan tayinlansa, toʻlanishi lozim boʻlgan summalar ekspertga sud tomonidan depozit hisobvaragʻidan toʻlanadi. Bu summalar ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ushbu Kodeksning 118-moddasiga muvofiq undirilib, sudning depozit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ekspertlar, mutaxassislar, guvohlar va tarjimonlarga tegishli boʻlgan summalar ular oʻz vazifalarini bajarganlaridan keyin sud tomonidan toʻlanadi. Toʻlanishi lozim boʻlgan summalarni toʻlash tartibi va miqdori qonunchilikda belgilanadi.