Chet davlat huquqi normalarini qoʻllashda sud ushbu normalarning mazmunini ularning tegishli chet davlatda sharhlanishiga va amalda qoʻllanilishiga muvofiq holda aniqlaydi. Chet davlat huquqi normalari mazmunini aniqlash maqsadida sud koʻmaklashishni va tushuntirib berishni soʻrab, Oʻzbekiston Respublikasining hamda chet davlatlarning vakolatli organlariga yoki tashkilotlariga belgilangan tartibda murojaat qilishi yoxud ekspertlarni jalb etishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar talablariga yoki eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan chet davlat huquqi normalari mazmunini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi va ushbu normalarning mazmunini aniqlashda iqtisodiy sudga boshqacha tarzda koʻmaklashishi mumkin. Agar koʻrilgan choralarga qaramay, chet davlat huquqi normalarining mazmuni aniqlanmasa, iqtisodiy sud Oʻzbekiston Respublikasining tegishli huquq normalarini qoʻllaydi.