Iqtisodiy protsessual kodeksi 149-modda. Daʼvo arizasining shakli va mazmuni

Daʼvo arizasi sudga yozma shaklda beriladi. U daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 3) agar daʼvo baholanishi lozim boʻlsa, daʼvoning bahosi; 4) daʼvo talablariga asos boʻlgan holatlar; 5) daʼvo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar; 6) undirilayotgan yoki nizolashilayotgan summaning hisob-kitobi; 7) daʼvogarning qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, daʼvo bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar; 8) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa; 9) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Daʼvo arizasida daʼvogarning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Daʼvo arizasida, agar nizoni toʻgʻri hal qilish uchun zarur boʻlsa, boshqa maʼlumotlar, shuningdek daʼvogardagi mavjud iltimosnomalar koʻrsatiladi. Daʼvogar oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talabni bitta daʼvo arizasiga birlashtirishga haqli.