Daʼvo arizasiga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi: 1) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini; 2) daʼvo arizasining koʻchirma nusxasi va unga ilova qilingan hujjatlar javobgarga va uchinchi shaxslarga yuborilganligini; 3) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa; 4) daʼvo talablariga asos boʻlgan holatlarni; 5) daʼvogarning yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligini; 6) daʼvo arizasini imzolash vakolatini, agar u vakil tomonidan imzolangan boʻlsa. Shartnoma tuzishga majbur etish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasiga shartnoma loyihasi ham ilova qilinadi. Investitsiyaviy nizolar boʻyicha daʼvo arizasiga investitsiya shartnomasining koʻchirma nusxasi, yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvo arizasiga esa uning yirik investorligini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinadi. Sudlovga tegishlilik taraflarning kelishuviga koʻra oʻzgartirilgan, shu jumladan eksterritorial sudlovga tegishlilik tanlangan taqdirda, daʼvo arizasiga taraflarning bunday kelishuvi mavjudligini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinadi.