Sudya ushbu Kodeksda nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda berilgan daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilishi va ish qoʻzgʻatishi shart. Sudya ushbu Kodeks 151-moddasi birinchi qismining 1 va 4-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan daʼvo arizasini, agar daʼvo arizasiga davlat bojini toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi yoki daʼvogarda mavjud boʻlmagan dalillarni talab qilib olish haqidagi tegishli iltimosnomalar ilova qilingan hamda bu iltimosnomalar qanoatlantirilgan boʻlsa, ish yuritishga qabul qilishga va ish qoʻzgʻatishga haqli. Sudyaning ushbu Kodeks 151-moddasi birinchi qismining 1 va 4-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi xulosasi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda asoslantirilgan boʻlishi kerak.