Iqtisodiy protsessual kodeksi 196-modda. Ajrimning mazmuni

Alohida sud hujjati tarzida chiqariladigan ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) sudning nomi, ishning raqami, ajrim chiqarilgan sana, sud tarkibi, sud majlisi kotibi, nizo predmeti; 2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), qarzdor jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami; 3) ajrim chiqarilayotgan masala; 4) sud oʻz xulosalarini chiqarishiga olib kelgan sabablar, bunda tayanilgan qonunchilik hujjatlari; 5) koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa; 6) agar qonunda nazarda tutilgan boʻlsa, ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibi va muddati. Sud majlisida chiqarilgan ajrim chiqarilganidan keyin raislik qiluvchi tomonidan shu sud majlisining oʻzida darhol oʻqib eshittiriladi.