Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlar arizachi va boshqa manfaatdor shaxslar ishtirokida koʻriladi. Ishni sud muhokamasiga tayyorlashda sudya yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni aniqlash toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori oʻz huquqlariga daxldor boʻlishi mumkin boʻlgan manfaatdor shaxslar doirasini aniqlaydi, ish yuritish toʻgʻrisida ushbu shaxslarni xabardor qiladi, ularni ishda ishtirok etish uchun jalb qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi, sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabar qiladi. Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni aniqlash toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda sud qonunchilikda ushbu faktni aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan-tutilmaganligini, arizachida zarur hujjatlarni olish yoki tiklash uchun boshqa imkoniyat boʻlgan-boʻlmaganligini tekshiradi, arizachi iqtisodiyot sohasida faoliyatni amalga oshirishi munosabati bilan ushbu fakt uning uchun yuridik ahamiyatga ega boʻlgan oqibatlarni keltirib chiqarishini yoki chiqarmasligini belgilaydi, talab etilayotgan faktning aniqlanishi boshqa shaxslarning huquqlariga taʼsir etishi yoki etmasligini, huquq toʻgʻrisida nizo kelib chiqqan-chiqmaganligini aniqlaydi. Agar yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni aniqlash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud muhokamasida huquq toʻgʻrisida nizo kelib chiqqanligi aniqlansa, sud yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni aniqlash toʻgʻrisidagi arizani koʻrmasdan qoldiradi va bu haqda ajrim chiqaradi. Ajrimda arizachiga va ish boʻyicha boshqa manfaatdor shaxslarga ularning sudga daʼvo tartibida murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.