Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Sudya ishni hakamlik muhokamasi tarafining iltimosnomasiga binoan sud muhokamasiga tayyorlayotganda ijro varaqasi soʻralayotgan ish materiallarini hakamlik sudidan ushbu Kodeksda dalillarni talab qilib olish uchun nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha talab qilib olishi mumkin. Iqtisodiy sud hakamlik muhokamasi taraflarini sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Iqtisodiy sud ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish uchun ushbu Kodeksning 231-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjudligini yoki mavjud emasligini bildirilgan talablar va eʼtirozlarni asoslash uchun iqtisodiy sudga taqdim etilgan dalillarni tekshirish yoʻli bilan aniqlaydi. Iqtisodiy sud ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas. Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeks 37-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan iqtisodiy sudning ish yurituvida boʻlsa, mazkur hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilayotgan iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishni qarzdorning iltimosnomasiga binoan keyinga qoldirishi mumkin.