Iqtisodiy protsessual kodeksi 232-2-modda. Arizaning shakli va mazmuni

Ushbu Kodeksning 232¹-moddasida koʻrsatilgan arizalar yozma shaklda beriladi va arbitraj muhokamasining tarafi yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak, arbitraj sudi tomonidan dalillarni olishga koʻmaklashish toʻgʻrisida berilgan ariza esa raislik qiluvchi arbitr tomonidan imzolanishi kerak. Arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi; 2) arbitraj sudining nomi, arbitrajning joylashgan yeri va tarkibi; 3) arbitraj muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 4) talabga asos boʻlgan holatlar; 5) talabning asoslarini tasdiqlovchi dalillar; 6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Dalillarni olishga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi arizada ish uchun ahamiyatli boʻlgan qaysi holatlar ushbu dalil bilan aniqlanishi mumkinligi ham koʻrsatilgan boʻlishi, dalil belgilanishi va uning turgan yeri koʻrsatilishi kerak. Arizada taraflarning telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili va boshqa maʼlumotlari koʻrsatilishi mumkin. Agar ariza arbitraj muhokamasi tarafining vakili tomonidan berilgan boʻlsa, arizaga vakilning arizani imzolashga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi. Arbitrni tayinlash, arbitrni rad etishni qanoatlantirish, arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish haqidagi ariza “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 16 , 18 va 21-moddalarida koʻrsatilgan muddat ichida berilishi mumkin. Koʻrsatilgan muddat iqtisodiy sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin. Ushbu Kodeksning 232³-moddasida , ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, ariza ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha arizachiga qaytariladi.