Taʼminlash choralarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi, taʼminlash choralarini koʻrish haqidagi arizalar boʻyicha ishlar ariza kelib tushganidan keyingi kundan kechiktirmay koʻrib chiqiladi. Arbitrni tayinlash, arbitrni rad etishni qanoatlantirish, arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususida qaror qabul qilish, arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish, dalillarni olishga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi arizalar boʻyicha ishlar ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kun ichida koʻrib chiqiladi. Arbitraj muhokamasiga koʻmaklashish bilan bogʻliq ishlar iqtisodiy sud ishlarini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha mazkur bobda koʻrsatilgan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan ishlarni koʻrib chiqish chogʻida sud doimiy arbitraj muassasasi arbitrlarining roʻyxatiga kiritilgan arbitrlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqilayotgan ish bilan bogʻliq boʻlgan ish materiallarini talab qilib olishi mumkin. Arbitraj muassasasi talab qilib olinadigan hujjatlarni soʻrov qabul qilinganidan keyingi kundan kechiktirmay iqtisodiy sudga taqdim etishi shart. Iqtisodiy sud ishlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqaradi. Iqtisodiy sudning taʼminlash choralarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi hamda taʼminlash choralarini koʻrish haqidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha chiqarilgan ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
2-§. Arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish