Iqtisodiy protsessual kodeksi 250-modda. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda beriladi va u arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi; 2) chet davlat sudining yoki arbitrajining nomi va joylashgan yeri hamda uning tarkibi; 3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 4) arizachi tan olish va ijroga qaratishni soʻrayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 5) arizachining chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi; 6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Arizada arizachi yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.