Iqtisodiy protsessual kodeksi 254-modda. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibi

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ariza, agar Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur bobda belgilangan xususiyatlarni eʼtiborga olgan holda ushbu Kodeksning qoidalari boʻyicha u iqtisodiy sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran olti oydan oshmagan muddatda sud majlisida koʻriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ajrimi bilan ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ishni koʻrishda ushbu Kodeksning 255-256-moddalarida nazarda tutilgan holatlarni Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudiga taqdim etilgan, bildirilgan talablar va eʼtirozlarni asoslovchi dalillarni tekshirish yoʻli bilan aniqlaydi. Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ishni koʻrishda chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas.