Iqtisodiy protsessual kodeksi 259-modda. Apellyatsiya shikoyati berish (protest keltirish) huquqi

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga haqlidir. Prokuror, yuqori turuvchi prokuror faqat prokuror ishtirokida koʻrilgan ish boʻyicha yoki qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ish boʻyicha, shuningdek ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya protesti keltirishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga haqli, bundan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno. Sudning hal qiluv qarori ustidan toʻliq yoki qisman shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.