Apellyatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) apellyatsiya shikoyati (protesti) yoʻllanayotgan sudning nomi; 2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi); 3) ustidan shikoyat (protest) berilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan iqtisodiy sudning nomi, ishning raqami va hal qiluv qarori qabul qilingan sana, nizoning predmeti; 4) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning talablari hamda shikoyat (protest) berayotgan shaxs ish holatlari va dalillarga, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga havola qilgan holda hal qiluv qarorini notoʻgʻri deb hisoblash uchun keltirgan asoslar; 5) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati. Apellyatsiya shikoyatida shikoyat berayotgan shaxsning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.