Apellyatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi: 1) davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 2) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga apellyatsiya shikoyati va unga ilova qilingan, ularda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat; 3) apellyatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uning imzolashga doir vakolatini tasdiqlovchi hujjat. Apellyatsiya protestiga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga apellyatsiya protestining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha ushbu Kodeks 259-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar murojaatlarining koʻchirma nusxasi ilova qilinadi, bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ishlar mustasno. Daʼvo arizasini qaytarish yoki daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan daʼvo arizasi va sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.