Sud hujjati boʻyicha bitta ijro varaqasi beriladi, bundan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollar mustasno. Agar sud hujjatini ijro etish turli joylarda yoxud bir nechta undiruvchi foydasiga amalga oshirilishi kerak boʻlsa, sud undiruvchilarning iltimosiga koʻra ijro etish joyi yoxud sud hujjatining ushbu ijro varaqasi boʻyicha ijro etilishi lozim boʻlgan qismini koʻrsatgan holda bir nechta ijro varaqasini beradi. Pul summalarini bir necha javobgardan undirish toʻgʻrisidagi sud hujjati asosida javobgarlarning soni boʻyicha bir nechta ijro varaqasi beriladi. Bunda, agar solidar javobgarlardan undirish nazarda tutilayotgan boʻlsa, har bir ijro varaqasida undiruvning umumiy summasi koʻrsatilishi va solidar javobgar ekanligi koʻrsatilgan holda javobgarlarning hammasi sanab oʻtilishi kerak. Ijro varaqasi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan beriladi. Sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan soʻng besh kun ichida ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki uning iltimosnomasiga koʻra davlat ijrochisiga ijro etish uchun yuboriladi. Ijro varaqasi undiruvchi jismoniy shaxslarga elektron hujjat tarzida, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali — mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvchi yuridik shaxslarga esa soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi. Agar Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy kabineti mavjud boʻlmasa, ijro varaqasi unga qogʻoz shaklida beriladi. Budjetga mablagʻlarni undirish uchun ijro varaqasi qarzdor turgan joydagi davlat ijrochisiga sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan soʻng besh kun ichida yuboriladi. Ijro varaqasi elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.