Ijro varaqasi (sud buyrugʻi) yoʻqotilgan taqdirda, uni bergan sud undiruvchining arizasiga koʻra ijro varaqasining (sud buyrugʻining) dublikatini berishi mumkin. Ijro varaqasining (sud buyrugʻining) dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza ijro varaqasini (sud buyrugʻini) ijroga taqdim etish uchun belgilangan muddat oʻtguniga qadar berilishi mumkin, bundan ijro varaqasi (sud buyrugʻi) davlat ijrochisi yoki ijroni amalga oshiruvchi boshqa shaxs tomonidan yoʻqotilgan va bu haqda undiruvchiga ijro varaqasini (sud buyrugʻini) ijroga taqdim etish uchun belgilangan muddat oʻtganidan soʻng maʼlum boʻlgan hollar mustasno. Ushbu hollarda ijro varaqasining (sud buyrugʻining) dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza ijro varaqasi (sud buyrugʻi) yoʻqotilganligi undiruvchiga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran bir oy ichida berilishi mumkin. Ijro varaqasining (sud buyrugʻining) dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda sud majlisida koʻrib chiqiladi. Undiruvchi, qarzdor sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay chiqarilgan sud ajrimi orqali, ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi, arizani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi undiruvchi va qarzdorga yuboriladi. Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.