Iqtisodiy protsessual kodeksi 344-modda. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi masalani hal qilish

Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi masala ilgari qabul qilingan sud hujjatini bekor qilish yoki oʻzgartirish haqida yangi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan hal etiladi. Agar sud hujjatini bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qarorda uning qaytarma ijrosi toʻgʻrisida koʻrsatma boʻlmasa, javobgar birinchi instansiya sudiga tegishli ariza berishga haqli. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda, taraflar chaqirtirilmasdan va sud muhokamasisiz sud majlisida koʻrib chiqiladi. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi arizaga ilgari qabul qilingan sud hujjati ijro etilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, sud undirilgan pul mablagʻlarini, mol-mulkni yoki uning qiymatini qaytarish uchun ijro varaqasi beradi.