Ishning iqtisodiy sud tomonidan hammaga maʼlum deb topilgan holatlari isbotlashga muhtoj emas. Iqtisodiy sudning ilgari koʻrilgan ish boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar sud xuddi shu shaxslar ishtirok etayotgan boshqa ishni koʻrayotganida yangidan isbot qilinmaydi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudning yoki maʼmuriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boshqa ishni koʻrayotgan iqtisodiy sud uchun fuqarolik ishlari boʻyicha sudning yoki maʼmuriy sudning hal qiluv qarorida aniqlangan va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga taalluqli boʻlgan holatlarga doir masalalar boʻyicha majburiydir. Jinoyat ishlari boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilganligi yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha iqtisodiy sud uchun majburiydir.