Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart. Ishni bajarish (xizmat koʻrsatish) muddati ish bajarilishi (xizmat koʻrsatilishi) lozim boʻlgan sanaga (davrga), shuningdek, ijrochi ishni bajarishga (xizmat koʻrsatishga) kirishishi lozim boʻlgan sanaga (davrga) qarab belgilanishi mumkin. Agar ish bajarish xizmat koʻrsatish shartnomaning amal qilish muddati davomida qismlarga boʻlib-boʻlib ado etiladigan boʻlsa (vaqtli matbuotni yetkazib berish, texnik xizmat koʻrsatish va boshqalar), ishlar bajarish (xizmatlar koʻrsatish)ning bosqichma-bosqich muddatlari (davrlari) nazarda tutilishi kerak. Agar ijrochi shartnomani ijro etishga oʻz vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon boʻlib qolsa, isteʼmolchi ishni bajarish, xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan boʻlsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, isteʼmolchi oʻz xohishiga koʻra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, koʻrilgan zarar toʻliq qoplanishini talab qilishga haqli. Isteʼmolchi ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan huquqlarni: ishni (xizmatni) qabul qilib olish vaqtida yoki uning bajarilishi jarayonida nuqsonlar aniqlangan taqdirda; kafolat muddati davomida, kafolat muddati boʻlmagan taqdirda esa, ish (xizmat) qabul qilib olingan kundan eʼtiboran olti oy davomida; import yoki boshqa koʻchmas mulkda nuqsonlar aniqlangan kundan eʼtiboran ikki yil davomida roʻyobga chiqarishi mumkin. Ish bajarish (xizm