Mahkuma ayollarni saqlashga moʻljallangan koloniyalar qoshida bolalar uyi tashkil etiladi, unda bolalar normal yashashi va kamol topishi uchun zarur sharoitlar taʼminlanadi. Mahkuma ayollar uch yoshga toʻlmagan bolalarini jazoni ijro etish koloniyalari qoshidagi bolalar uyiga joylashtirishga va ishdan boʻsh vaqtida ular bilan cheklanmagan miqdorda muloqotda boʻlishga haqli. Bolalar uyidagi bola uch yoshga toʻlganidan keyin onasining roziligi bilan uning qarindoshlariga yoki, vasiylik va homiylik organining qaroriga binoan, boshqa shaxslarga berilishi yoxud tegishli bolalar muassasalariga yuborilishi mumkin. Agar mahkumaning jazoni oʻtash muddati tugashiga koʻpi bilan bir yil qolgan va u onalik burchlarini lozim darajada bajarib kelgan boʻlsa, muassasa maʼmuriyati bolaning bolalar uyida boʻlish vaqtini uzaytirishi mumkin.