Jarima tariqasidagi jazo Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan ijro etiladi. Muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ichki ishlar organlari tomonidan yoki sud belgilaydigan boshqa organ tomonidan ijro etiladi. Muayyan huquqdan mahrum qilish toʻgʻrisidagi hukm talabi mahkumning ish joyidagi maʼmuriyat tomonidan, shuningdek tegishli faoliyat turlari bilan shugʻullanishga berilgan ruxsatnomani bekor qilishga vakolatli organlar tomonidan ijro etiladi. Harbiy xizmatchilarga nisbatan: xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazo — harbiy xizmatchi xizmatni oʻtayotgan joydagi harbiy qismlarning (muassasalarning) qoʻmondonligi tomonidan; intizomiy qismga joʻnatish tariqasidagi jazo — maxsus tashkil etilgan harbiy qismlar tomonidan ijro etiladi. Harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazo mazkur unvonni bergan organ tomonidan ijro etiladi.