Xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazo ijrosini mahkum harbiy xizmat oʻtayotgan joydagi, ushbu Kodeks 14-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan komandir (boshliq) amalga oshiradi. Komandir (boshliq) hukm nusxasini va sud farmoyishini olganidan keyin uch kun ichida quyidagilarni koʻrsatgan holda buyruq chiqaradi: mahkum harbiy xizmatchini lavozim va harbiy unvonda koʻtarishga taqdim etmaslik asosi va muddati; harbiy xizmatchiga navbatdagi harbiy unvon berish hamda pensiya tayinlash uchun uning xizmat muddatiga qoʻshib hisoblanmaydigan vaqt; mahkumning pul taʼminotidan davlat foydasiga oʻtkaziladigan chegirma miqdori. Komandir (boshliq) buyrugʻi mahkum harbiy xizmatchi eʼtiboriga yetkaziladi va uning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildiga hukm nusxasi bilan birgalikda qoʻshib qoʻyiladi. Komandir (boshliq) hukm ijro etilganligi haqida hukm chiqargan sudga uch kunlik muddat ichida xabar beradi.