Jinoyat-ijroiya kodeksi 164-1-modda. Jazoni oʻtash muddatini mahkum tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirishga taqdim etish tartibi

Jinoyat kodeksi 73-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan mahkumning (bundan umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar mustasno) ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtash davrida kitob oʻqiganligi faktini aniqlash uning jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatiga bergan arizasiga asosan, jazoni ijro etish muassasasi xodimlaridan, shuningdek jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillaridan, qoida tariqasida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan vakillari kiradi. Komissiya yigʻilishi yiliga kamida ikki marta oʻtkaziladi. Imtihon natijalari boʻyicha komissiya tomonidan mahkumning kitob oʻqiganligi faktini tasdiqlash haqida xulosa qabul qilinadi. Komissiya xulosasi mahkumning shaxsiy yigʻmajildiga qoʻshib qoʻyiladi. Xulosaning koʻchirma nusxasi prokurorga yuboriladi, mahkumga imzo qoʻydirib topshiriladi, shuningdek mahkumning himoyachisiga uning soʻroviga koʻra beriladi. Mahkumning kitob oʻqiganligi faktini tasdiqlash haqida xulosa qabul qilinganda jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati sudga jazoni oʻtash muddatini mahkum tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirish toʻgʻrisida taqdimnoma yuboradi. Mahkum yoki uning himoyachisi komissiya xulosasidan norozi boʻlgan taqdirda iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga haqli. Mahkum tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan uning jazoni oʻtash muddatini qisqartirish Jinoyat-protsessual kodeksining 536²-moddasida belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi. Komissiyaning faoliyatini tashkil etish, shuningdek mahkumni imtihondan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.