Muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, ozodlikni cheklash, intizomiy qismga joʻnatish, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoning ijrosi mazkur jazo muddatiga qonunchilikka muvofiq kiritilishi mumkin boʻlgan oʻzgartirishlarni hisobga olgan holda bu muddatning oxirgi kuni tugatiladi. Agar jazo muddati dam olish yoki bayram kuni tugaydigan boʻlsa, mahkum ushbu dam olish yoki bayram kunidan bir kun oldin ozod qilinadi. Muddat oylar bilan hisoblangan taqdirda bu muddat keyingi oyning tegishli kuni, agar mazkur oyda shunday kun boʻlmasa — shu oyning oxirgi kuni tugaydi. Jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ maʼmuriyati mahkumni muddatidan ilgari ozod qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarni ish kuni tugaguniga qadar olgan boʻlsa, shu zahoti, ish kuni tugaganidan keyin olgan boʻlsa, ertasi kuni ertalab ijro etadi.