Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqa shaxslar jazoni ijro etuvchi muassasalar va organlarga kirish huquqiga ega. Shikoyatlarni koʻrib chiqish, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), uning oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari oʻz vakolatlari doirasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablari va shart-sharoitlarini oʻrganish hamda tahlil qilish maqsadida jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga, zarur hujjatlar bilan tanishishga haqli. Jazoni ijro etuvchi muassasalar va organlarga kirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi. Mahkumlarni kino-, foto-, videotasvirga tushirishga va ulardan intervyu olishga ularning yozma roziligi bilan, shuningdek jazoni ijro etuvchi organning ruxsatiga asosan yoʻl qoʻyiladi. Mahkumlarning xavfsizligini va qoʻriqlanishini taʼminlovchi obyektlarni tasvirga olishga jazoni ijro etuvchi muassasaning yoki organning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
MAXSUS QISM
II boʻlim. JARIMA, MUAYYAN HUQUQDAN MAHRUM QILISH, MAJBURIY JAMOAT ISHLARI VA AXLOQ TUZATISH ISHLARI TARIQASIDAGI JAZOLARNI IJRO ETISH