Majburiy davolanishda boʻlgan bemor qochib ketgan taqdirda ruhiy kasalliklar shifoxonasi maʼmuriyati zudlik bilan uni qidirib topish choralarini koʻrishi hamda bu haqda shifoxona joylashgan yerdagi va bemor, uning qarindoshlari yoki vasiylari yashaydigan joydagi prokurorni, ichki ishlar organlarini, psixonevrologiya dispanserini, shuningdek majburiy davolash chorasini tayinlagan sudni xabardor qilishi shart. Majburiy davolanishda boʻlgan bemor vafot etganligi toʻgʻrisida ruhiy kasalliklar shifoxonasi maʼmuriyati uning qarindoshlari yoki vasiylarini, prokuror va sudni, shuningdek bemor yashagan joydagi psixonevrologiya dispanserini xabardor qiladi. Vafot etgan bemor jasadini berish shartlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.