Jinoyat-ijroiya kodeksi 72-modda. Oʻqotar qurol qoʻllash asoslari

Alohida hollarda, agar jinoyatni boshqa vositalar bilan toʻxtatishning iloji boʻlmasa, eng soʻnggi chora sifatida oʻqotar qurol qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi. Oʻqotar qurol quyidagi hollarda qoʻllanilishi mumkin: muassasa maʼmuriyati vakillarini, boshqa mahkumlarni va oʻzga shaxslarni ularning hayoti va sogʻligʻiga aniq tahdid etuvchi hujumdan himoya qilish, shuningdek qurolni qoʻlga kiritish maqsadida qilingan hujumni daf etish chogʻida; garovga olinganlarni, mahkumlar egallab olgan binolarni, inshootlarni, xonalarni va transport vositalarini ozod qilish chogʻida; jazoni ijro etish muassasasining qoʻriqlanadigan obyektlariga, transport vositalariga guruh boʻlib qilingan yoki qurolli hujumni daf etish yoxud mahkumlarni zoʻrlik bilan ozod qilishga urinishlarni toʻxtatish chogʻida; ozodlikdan mahrum etish joylaridan qochayotgan yoki qurolli qarshilik koʻrsatayotgan mahkumni ushlash chogʻida; mahkumlar qochishda foydalanayotgan transport vositasini toʻxtatish chogʻida. Oʻqotar qurol qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham qoʻllanilishi mumkin.