Jinoyat kodeksi 104-modda. Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish

Sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish natijasida koʻrish, soʻzlash, eshitish qobiliyatini yoʻqotish yoxud biron aʼzoning ishdan chiqishi yoki uning faoliyati tamoman yoʻqolishiga, ruhiy holatining buzilishiga yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda buzilishiga, umumiy mehnat qobiliyatining oʻttiz uch foizidan kam boʻlmagan qismining doimiy yoʻqolishiga yoki homilaning tushishi yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab boʻlsa va ushbu Kodeksning 126¹-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish: a) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan; b) oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan; v) oʻta shafqatsizlik bilan; g) ommaviy tartibsizliklar jarayonida; d) tamagirlik niyatida; e) bezorilik oqibatida; j) millatlararo yoki irqiy adovat zamirida; z) diniy taassublar zamirida; i) inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish maqsadida; k) bir guruh shaxslar tomonidan; l) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish: a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; b) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 97-moddasida nazarda tutilgan tarzda qasddan odam oʻldirgan shaxs tomonidan; v) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; g) uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoki shu guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa; d) jabrlanuvchining oʻlishiga sabab boʻlsa, — sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.