Jinoyat kodeksi 129-1-modda. Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni saqlash, tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish

Voyaga yetmagan shaxs tavsiflanganligi yoki tasvirlanganligi aybdorga ayon boʻlgan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlash, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish, — besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.