Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy shaʼn-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy eʼtiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuygʻularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar, shuningdek milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, fuqarolarning ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targʻib qilish, xuddi shuningdek milliy, irqiy, etnik mansubligiga yoki dinga munosabatiga qarab, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash yoxud ularga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli usulda; b) badanga ogʻir shikast yetkazgan holda; v) fuqarolarni doimiy yashash joyidan zoʻrlik ishlatib koʻchirgan holda; g) mansabdor shaxs tomonidan; d) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;