Davlatga xoinlik qilish, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi tomonidan josuslik, chet el davlatiga, chet el tashkilotiga yoki ularning vakillariga davlat sirlarini yetkazish yoxud Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borishda boshqacha yordam koʻrsatish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetiga, hududiy daxlsizligiga, xavfsizligiga, mudofaa salohiyatiga, iqtisodiyotiga zarar yetkazishga qaratilgan qasddan sodir etilgan qilmish — oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Chet el davlati yoki tashkiloti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi qaratilgan davlatga zarar yetkazuvchi faoliyatni amalga oshirishda hamkorlik qilish uchun jalb qilingan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi oʻzining bunday hamkorligi toʻgʻrisida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda arz qilsa, uning faoliyati esa respublika manfaatlariga zarar yetkazmagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinadi. Basharti, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi, oʻz qilmishi toʻgʻrisida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilib, jinoyatni ochishga faol yordam bergan va buning natijasida davlat uchun kelib chiqishi mumkin boʻlgan ogʻir oqibatlarning oldi olingan boʻlsa, jazodan ozod qilinadi.