Jinoyat kodeksi 168-modda. Firibgarlik

Firibgarlik, yaʼni aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Firibgarlik: a) ancha miqdorda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Firibgarlik: a) koʻp miqdorda; b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; v) axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Firibgarlik: a) juda koʻp miqdorda; b) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab; g) xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.