Jinoyat kodeksi 192-12-modda. Pul mablagʻlarini qonunga xilof ravishda oʻtkazish yoki olib qoʻyish yoxud ularni oʻz vaqtida qaytarmaslik

Tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda oʻtkazish yoki olib qoʻyish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarmaslik, talon-toroj qilish alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qoʻllanilmaydi.