Jinoyat kodeksi 207-modda. Mansabga sovuqqonlik bilan qarash

Mansabga sovuqqonlik bilan qarash, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda boʻlishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha qilmishlar: a) odam oʻlishiga; b) giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning yoki ularning analoglarining koʻp miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi davlat yoki bojxona chegaralari orqali qonunga xilof ravishda olib oʻtilishiga sabab boʻlsa, — muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.