Sport musobaqalari natijalarini yoki ularning borishini qasddan oʻzgartirish maqsadida sportchiga, trenerga, sport hakamiga yoxud sport musobaqalarining boshqa ishtirokchilari va tashkilotchilariga ular bajarishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora evaziga ogʻdirib olayotgan shaxs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoxud bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki ularni mulkiy manfaatdor etish, ushbu Kodeksning 211 va 213-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmaganda, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) takroran; b) koʻp miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar moddiy qimmatliklar bergan yoki mulkiy manfaatdor etgan shaxsga nisbatan moddiy qimmatliklar yoki mulkiy manfaat soʻrab tovlamachilik qilingan boʻlsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda oʻttiz sutka ichida oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlsa va jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.