Jinoyat kodeksi 230-modda. Aybsiz kishini javobgarlikka tortish

Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan aybsizligi ayon boʻlgan shaxsni ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etganlikda ayblab javobgarlikka tortish — ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat ogʻir yoki oʻta ogʻir ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganlikda ayblab sodir etilsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.