Jinoyat kodeksi 248-1-modda. Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash, ulardan foydalanish yoki ularni boshqa shaxslarga berish tartibini buzish, shuningdek ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish, — uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa; g) badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar odam oʻlishiga sabab boʻlsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) odamlar oʻlimiga; b) halokatga; v) boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.