Jinoyat kodeksi 248-modda. Oʻqotar qurolning, oʻq-dorilarning, oʻqotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi

Tegishli litsenziyalarsiz yoki ruxsatnomalarsiz oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini ishlab chiqarish, taʼmirlash, olish, saqlash, olib yurish, tashish, joʻnatish, ulardan foydalanish, shuningdek portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, olish, saqlash, tashish, ulardan foydalanish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalarni yoki portlash qurilmalarini oʻtkazish, — oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddada nazarda tutilgan buyumlarni oʻz ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.