Jinoyat kodeksi 301-modda. Hokimiyatni suiisteʼmol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi

Boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning oʻz hokimiyat yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilishi, hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqishi, shuningdek, hokimiyat harakatsizligi Qurolli Kuchlarning manfaatlariga, harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, — uch yilgacha xizmat boʻyicha cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmishlar: a) badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazib; b) gʻarazgoʻylik niyatlarida sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmishlar: a) odam oʻlishiga; b) boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddada nazarda tutilgan qilmishlar jangovar vaziyatda sodir etilgan boʻlsa, — oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.