Qilmishda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alomatlar rasmiy jihatdan mavjud boʻlsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, gʻayriqonuniy yoki aybli boʻlmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi. Quyidagi holatlar, yaʼni kam ahamiyatli qilmishlar; zaruriy mudofaa; oxirgi zarurat; ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash chogʻida zarar yetkazish; buyruqni yoki boshqacha tarzdagi vazifani bajarish; kasb yoki xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan asosli tavakkalchilik; jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish natijasida qilmish sodir etish jinoyatni istisno qiluvchi holatlar deb topiladi.